Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev bilan bog‘liq bir qancha jinoiy ishlar bo‘yicha hukmni e’lon qildi.

Sudya qaroriga ko‘ra, Almazbek Atamboyev 11 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, u davlat mukofotlaridan mahrum qilingan va uning mol-mulki musodara qilinishi kerak. Bosh vazirning sobiq o‘rinbosari Asqarbek Shadiyev mol-mulki musodara qilingan holda umumiy tartibli koloniyada jazo o‘tash sharti bilan 15 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi. U ozodlikka chiqqach, uch yil davomida davlat lavozimlarida ishlay olmaydi.

Prezident devonining sobiq rahbari Farid Niyozov va Jogorku Kenesh deputati Ravshan Jeenbekov 7 yilu 8 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Sobiq ichki ishlar vaziri Abdilda Suranchiyev va Norin viloyati gubernatorining sobiq o‘rinbosari Isabek Abdigaziyev javobgarlikdan ozod qilindi. Bundan tashqari, sud Atamboyev va Shadiyevdan davlat foydasiga 5,4 mlrd som (61,7 mln dollar) undirish haqida qaror chiqardi.

Almazbek Atamboyev 2011-yildan 2017-yilgacha Qirg‘iziston prezidenti lavozimida ishlagan. 2019-yil iyun oyida u daxlsizlik maqomidan mahrum qilingan, shundan so‘ng unga qarshi bir qator jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan. Birinchilardan bo‘lib 2013-yilda ozodlikka chiqarilgan kriminal avtoritet Aziz Batukayevning noqonuniy ozodlikka chiqarilishi bo‘yicha sud jarayoni bo‘lib o‘tdi. 2020-yil 23-iyun kuni Bishkekning Pervomaysk tuman sudi Atamboyevni aybdor deb topib, mol-mulki musodara qilingan holda 11 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum qildi.

Sud qarori bilan Atamboyevga davolanish uchun Qirg‘izistonni tark etishga ruxsat berildi. 2023-yil 14-fevral kuni kechqurun u koloniyadan ozod etilgan, ertasi kuni esa xorijga uchib ketgan.