Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi prezidenti Li Chje Myonni ushbu lavozimga saylangani bilan tabrikladi va eng ezgu tilaklarini bildirdi. Tabrik matni davlat rahbarining matbuot kotibi tomonidan e’lon qilindi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z maktubida Li Chje Myon rahbarligida Koreya Respublikasining intellektual va iqtisodiy qudrati yanada o‘sishiga, xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzi mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

“Biz Koreya Respublikasi bilan do‘stona va keng qamrovli aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishga alohida e’tibor qaratamiz. Aminmanki, Sizning Prezidentlik davringizda alohida strategik sheriklik munosabatlarimiz barcha ustuvor sohalarda jadal rivojlanadi”, — deyiladi maktubda.

Shuningdek, prezident mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali va uzoq muddatli munosabatlarni yanada mustahkamlash maqsadida Li Chje Myonni o‘ziga qulay vaqtda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Eslatib o‘tamiz, Li Chje Myon 100 foiz byulletenlarni qayta ishlash natijalariga ko‘ra 49,42 foiz ovoz to‘plagan, uning asosiy raqibi, hukmron “Xalq kuchi” partiyasidan nomzod Kim Mun Su 41,15 foiz ovoz to‘plab, mag‘lubiyatini tan olgan.