O‘zbekiston Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan Qurbon hayiti munosabati bilan Afg‘onistonning Balx viloyatiga 183 tonnalik insonparvarlik yordami yetkazib berdi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Insonparvarlik yuki o‘zbek xalqining mehribonligi va qo‘llab-quvvatlashi ramzi sifatida topshirildi. Un, guruch, shakar, makaron, qandolat mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, tez tayyorlanadigan mahsulotlar, qizil loviya va moshdan iborat yuk Hayraton shahri hududiga topshirildi.
Topshirish marosimida O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Balx viloyati hokimi o‘rinbosari Nurulxodi Abuidris hamda ikki tomon rasmiylari ishtirok etdi.
Afg‘oniston tomoni ko‘rsatilayotgan insonparvarlik yordami uchun O‘zbekiston prezidenti va xalqiga minnatdorlik bildirib, Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy tabriklarini yo‘lladi.