5-iyundan O‘zbekistonda oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish boshlanadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

OTM bakalavriatiga qabul jarayoni “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida ikki bosqichda amalga oshiriladi. 5-25-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan birinchi bosqichda abituriyentlar my.uzbmb.uz saytida onlayn ro‘yxatdan o‘tadi va quyidagilarni tanlaydi:

Agar faqat testda qatnashsa:

  • fanlar majmui;
  • o‘qitish tili;
  • test topshirish mintaqasi.

Ijodiy yoki kasbiy imtihonlarni nazarda tutuvchi yo‘nalishlarga kirayotgan bo‘lsa:

  • o‘qitish tili;
  • test sinovlari o‘tkaziladigan hudud;
  • ta’lim yo‘nalishi;
  • kasbiy/ijodiy imtihonlar o‘tkaziladigan oliy o‘quv yurti.

Kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi bosqich imtihonlar tugagandan so‘ng 15 kun ichida o‘tkaziladi. Sayt orqali abituriyentlar quyidagilarni ko‘rsatishlari kerak:

  • OTM;
  • ta’lim yo‘nalishi;
  • o‘qitish shakli;
  • tanlov ustuvorligi.

Test natijalari imtihonning ertasi kuni e’lon qilinadi. O‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi qaror qabulning ikkinchi bosqichi yakunlangandan so‘ng bir hafta muddatda Bilimni baholash agentligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Texnikumlarga kiruvchilar natijalar e’lon qilingandan so‘ng 10 kun ichida quyidagilarni tanlashlari kerak:

  • texnikum;
  • kasbi va mutaxassisligi;
  • o‘qitish shakli.