“O‘zgidromet” sinoptiklari O‘zbekistonda uzoq davom etadigan dam olish kunlaridagi ob-havo haqida ma’lumot berdi.

6-7-iyun kunlari O‘zbekiston hududiga nisbatan salqin va nam havo massasi tarqala boshlaydi. 5 iyun kuni kunduzi quruq va issiq ob-havo saqlanib turadi. Faqat Qoraqalpog‘istonda ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati 36-39° atrofida, janubda va cho‘l hududlarda 40-42° gacha bo‘ladi.

6-iyunda Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida, 7 iyunda Toshkent, Surxondaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Havo haroratining asta-sekin pasayishi prognoz qilinmoqda. Shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 6-iyunda, markaziy va sharqiy hududlarda 7-iyunda harorat 28-33° gacha, yomg‘ir yog‘ganda 25-27° gacha pasayadi. 8 iyun kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi va harorat 2-3 darajaga ko‘tariladi.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi kutilmoqda. 5-6 iyunda ba’zi joylarda shamol tezligi 20-22 m/s gacha kuchayishi mumkin. Tog‘larda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, 7 iyunda yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi.

Toshkent shahrida 5-iyun kuni kunduzi havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 36-38°. 6-iyun kuni havo o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin. 7 iyunda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat 27-29° bo‘ladi. 8-iyun kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 33-35° bo‘ladi.