AQShning Boston shahridagi federal sudi AQSH prezidenti Donald Trampning Garvard universiteti xorijiy talabalari va tadqiqotchilariga kirish vizalarini berishni taqiqlovchi farmonining amal qilishini to‘xtatdi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar bermoqda.

Sud taqiqning joriy etilishi universitetga bevosita va o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan zarar yetkazadi, deb qaror qildi. Qaror Garvardning ma’muriyatning chet ellik talabalarni qabul qilishni cheklash to‘g‘risidagi farmoniga qarshi da’vosidan so‘ng qabul qilingan.

AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi rahbari yordamchisi Patrisiya Maklaflin sud qarorini prezidentning konstitutsiyaviy vakolatlariga putur yetkazishga urinish deb atadi va chet elliklarni o‘qitish oliy o‘quv yurtlarining huquqi emas, balki imtiyoz ekanligini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Tramp ma’muriyati “viza tizimida sog‘lom fikrni tiklash niyatida va apellyatsiya g‘alabasini kutmoqda”.