Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso va Bolgariya prezidenti Rumen Radev O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Davlat rahbari matbuot xizmati delegatsiyalar tashrifi tafsilotlarini taqdim etdi.

Dasturga muvofiq, Robert Fitso tashrifi bilan oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi, ularda O‘zbekiston-Slovakiya ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Ustuvor yo‘nalishlarda — savdo, investitsiya va innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, sanoat, energetika, turizm sohalarida sheriklikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro ahamiyatga molik masalalar, jumladan, ko‘p tomonlama platformalarda bir-birini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashiladi.

Ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi yakunida O‘zbekiston-Slovakiya o‘zaro manfaatli hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan. Tashrif dasturi doirasida Bosh vazir IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Rumen Radev bilan yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazadi, ikki tomonlama bitimlar to‘plamini imzolash bo‘yicha rasmiy va ishbilarmonlik tadbirlari o‘tkaziladi.

O‘zbekiston va Bolgariya prezidentlari o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirish, shu jumladan tovar ayirboshlash hajmini oshirish, agrosanoat majmui, farmatsevtika tarmog‘i, qazib chiqarish, raqamlashtirish sohalarida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, turizm va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqadi.

Bolgariya prezidenti Rumen Radev IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi ishida ham ishtirok etadi.