Ish haftasi davomida O‘zbekiston hududida havo harorati iqlimiy me’yorlar doirasida bo‘lgan nisbatan nam havo oqimi aylanishda davom etadi. O‘zgidromet haftalik ob-havo bashoratini e’lon qildi.

9-iyun kuni mamlakatning ayrim hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi ehtimoli bor. Shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. 10-11-iyun kunlari O‘zbekistonning shimoli-g‘arbida, 10-13-iyun kunlari markaziy viloyatlar va Farg‘ona vodiysining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Cho‘l hududlari va respublika janubida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 30-35 daraja atrofida, janubda 37 darajagacha ko‘tariladi.

9-iyun va 12-13-iyun kunlari mamlakatda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang ko‘tarilishi mumkin. Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi. 9-iyun kuni yomg‘ir, ba’zi joylarda kuchli yog‘adi. Sel va suv toshqini xavfi mavjud. Sel-suv toshqin hodisalari kuzatilishi mumkin.

Toshkentda 9-iyun kuni kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol 3-8 m/s tezlikda esib, 12-15 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang ko‘tarilishi mumkin. 10-iyun kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi. 11-iyun kuni kechasi va ertalab qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin, kunduzi yog‘ingarchilik bo‘lmaydi.

12-13-iyun kunlari biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. 9-13-iyun kunlari harorat kechasi 21-23 daraja, kunduzi 33-35 daraja bo‘ladi.