8-iyun kuni Moskvada migrantlar maqomini tekshirish bo‘yicha reydlar o‘tkazildi. Bunda huquq-tartibot idoralari tomonidan chet el fuqarolariga nisbatan kuch ishlatilgani kuzatildi, bu ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida ham muhokama qilinmoqda. O‘zbekiston Migratsiya agentligi tekshiruvlarga munosabat bildirib, vaziyatdan tashvishlanayotganini ma’lum qildi.

Rossiya hududida vaqtinchalik mehnat qilayotgan chet el fuqarolarining huquqiy maqomini tekshirish tadbirlari davomida ommaviy axborot vositalari Rossiya gvardiyasi xodimlari fuqarolarga nisbatan jismoniy kuch ishlatgani haqida xabar berdi.

Migratsiya agentligi Rossiya hukumati va yirik ish beruvchilarning O‘zbekiston fuqarolarini uyushgan holda ishga jalb qilishga qiziqishi yildan-yilga ortib borayotgan bir paytda, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ayrim vakillari tomonidan chet el fuqarolariga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘linishi afsus va tashvish uyg‘otayotganini bildirdi.

Hozirda vaziyat O‘zbekistonning Rossiyadagi bosh konsulligi va Migratsiya agentligi vakolatxonasi nazoratida. Idora Rossiya huquq-tartibot organlaridan rasmiy ma’lumot kutmoqda.

Huquq-tartibot idoralari harakatlari tufayli jabrlangan bo‘lishi mumkin bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolaridan huquqiy va konsullik yordamiga murojaat qilishlari so‘raldi. Xususan, bu tan jarohati yetkazilgan, huquqlari buzilgan yoki boshqa huquqiy muammolarga duch kelgan hollarga taalluqli. Murojaatni quyidagi aloqa vositalari orqali yuborish mumkin:

  • telefon: +7 925 045-47-44;
  • Telegram: @pomoshrussiamigrant, @huquqiy_yordam_uzbot

Ta’kidlash kerak, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Sergey Lavrov Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan mehnat muhojirlari uchun viza rejimiga qarshi chiqdi.