Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston aholisi bolalar orasida Koksaki virusining ommaviy tarqalishi bilan qo‘rqitildi. Holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi munosabat bildirdi.

Qo‘mita raisi o‘rinbosari Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, virus asosan 3 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydi, kattalarda esa juda kam uchraydi. Bolalarda haroratning keskin ko‘tarilishi (39-40 °C gacha), bosh og‘rig‘i, uyqusizlik, holsizlik kuzatiladi. 2-4 kundan keyin harorat pasayadi. Shuningdek, shamollashga xos simptomlar, ichak buzilishlari, ko‘ngil aynishi, qusish qayd etildi.

Bemorlarda kaft, tovon va og‘iz shilliq qavatida toshmalar toshishi, shuningdek, og‘izdagi yaralar bilan bog‘liq tomoq og‘rig‘i, ishtahaning pasayishi kuzatilishi mumkin. Ba’zan limfa tugunlari kattalashib, bosh og‘riydi. Qayd etilishicha, infeksiya ko‘pincha yozda, bolalar jamoat basseynlaridan foydalanganda va bemorlar bilan yaqin aloqada bo‘lganda yuqadi. Kasallikning inkubatsion davri 2-10 kun, ayrim hollarda 2-5 kun davom etadi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, butun dunyo bo‘ylab aniqlangan holatlarga qaramay, bugungi kunga qadar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik qo‘mitasi va O‘zbekiston Virusologiya instituti laboratoriyalarida ushbu virus aniqlanmagan. Shu munosabat bilan uning mamlakatda keng tarqalganligi to‘g‘risidagi da’vo asosga ega emas.

Shuningdek, virus jiddiy oqibatlarga olib kelmasligi va aksariyat hollarda asoratsiz o‘tishi qayd etilgan. Biroq mutaxassislar bolani virusga qarshi yoki antibakterial dorilar bilan mustaqil davolashni qat’iyan tavsiya etmaydi, chunki ular Koksaki virusiga qarshi samara bermaydi. Simptomlar paydo bo‘lganda va ayniqsa kasallik og‘ir kechganda, aholiga tibbiy yordamga murojaat qilish va shifokorlar tavsiyalariga amal qilish tavsiya etildi.