Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovga elektromobillar batareyalarini utilizatsiya qilish bilan bog‘liq vaziyatga oydinlik kiritish bo‘yicha parlament so‘rovi yuborildi.

O‘zbekistonda atrof-muhit muhofazasini ta’minlash, xususan, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish, poligonlarni yopish va rekultivatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada muayyan ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, hali o‘z yechimini kutayotgan qator masalalar mavjud.

Xususan, qattiq maishiy chiqindi poligonlarini yopish va rekultivatsiya qilish, chiqindilarni qayta yuklash va qayta ishlash stansiyalarini tashkil etish, chiqindilarni toifalarga ajratgan holda yig‘ishni tashkil etish uchun sanitar tozalash korxonalarini maxsus chiqindi paketlari (QR-kodli) bilan bepul ta’minlash, chiqindilarni qayta ishlash yoki ekologik xavfsiz utilizatsiya qilishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga «yashil subsidiya» ajratish tizimini joriy etish bo‘yicha dasturlarda belgilangan ayrim loyihalar ijrosi kechikmoqda.

Bundan tashqari, elektromobillarning ommalashuvi tufayli ularning akkumulyator batareyalarini xizmat muddati tugagandan so‘ng yoki turli sabablarga ko‘ra ishdan chiqqanda saqlash va utilizatsiya qilish masalalari dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziriga qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish, poligonlarni yopish va rekultivatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yuzasidan parlament so‘rovi yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yengil avtomobillar importi sezilarli darajada kamaygan.