“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi yig‘ilishida xorijdan qaytgan ayrim yurtdoshlarimizning OIV infeksiyasiga majburiy test topshirishini nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokama qilindi. Majlis tafsilotlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan keltirilgan.

Parlament quyi palatasining ma’lum qilishicha, qonun loyihasi inson salomatligiga tahdid soluvchi yuqumli kasalliklarning oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda 90 kundan ortiq muddat davomida xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, O‘zbekistonga ishga joylashish maqsadida kelgan chet el fuqarolarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish nazarda tutilgan.

Hozir O‘zbekistonda mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida O‘zbekistonga kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni, shuningdek, chet elda 90 kundan ortiq uzluksiz bo‘lib qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini, mamlakatda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni xavfli yuqumli kasalliklarga majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish mexanizmi mavjud emas. Shu bois qonun loyihasi bilan bir qator qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Taklif etilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan, xorijda 90 kun va undan ortiq bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida mamlakatga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar OIVga qarshi majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

O‘zbekiston fuqarolari uchun OIVga majburiy tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish davlat budjeti mablag‘lari hisobidan, chet el fuqarolari uchun esa o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Qonun tashabbuskorlarining tushuntirishicha, yuqumli kasallik inson organizmida 3 oydan keyin namoyon bo‘lishi sababli 90 kunlik muddat belgilangan. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Eslatib o‘tamiz, “Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov avvalroq o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari chet tillarini o‘rganishi va Rossiyadan tashqarida ish izlashi kerakligini aytgandi.