Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzod Qudratxo‘ja Moskvadagi migrantlarga qarshi reydlarni “oddiy natsizm” deb atadi va Markaziy Osiyo aholisini Rossiyaga ishlash uchun borishdan voz kechishga chaqirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda tug‘ilish darajasining yuqoriligi hamma uchun doimiy ish bilan ta’minlash imkonini bermaydi. Ishchi kuchi ortiqchaligi boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarda ham mavjud. Shuning uchun ishchi kuchining sezilarli qismining boshqa davlatlarga ko‘chishi — bu tabiiy jarayon.
“Lekin men yoshlarimizga aytmoqchiman: Rossiyaga bormang! Mumkin, lekin faqat sayyoh sifatida. U yerda sizni uradi, tepadi, kamsitadi, inson qadr-qimmatingizni haqoratlaydi. Rossiyada sizni qadrlamaydi, aksincha, ezadi. Va bu shunday bo‘ladiki, ularning o‘z aholisi qilmaydigan eng og‘ir ishni siz bajarasiz! Va buning uchun, afsuski, mana shunday “mukofot” olasiz”, — dedi rektor.
U o‘zbekistonliklarga o‘qish, til o‘rganish, yaxshi kasblarni egallash, mehnat bozori sifatida esa Germaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlarni tanlashni tavsiya qildi.
“Eng avvalo, vatandoshlarimiz oilada tug‘ilishni rejalashtira boshlashlari kerak. Bolalarimizga, ularning ta’limiga alohida e’tibor berish lozim. Soni emas, sifati muhimroq”, — deb chaqirdi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning ko‘p hududlarida tadbirkorlar deyarli teng ish haqi sharoitida yoshlar chet elga ketgani uchun Hindiston va Bangladeshdan ishchi kuchi jalb qilishga majbur bo‘lmoqda. Qudratxo‘janing fikricha, O‘zbekistonning o‘zida ham mehnatsevar odam uchun doimo ish topiladi.
“Rossiya kuch tizimi xodimlari o‘zlariga bunday vahshiyona munosabatga yo‘l qo‘yishlari yangilik emas va bu, afsuski, yana uzoq vaqt davom etadi”, — deb xulosaladi rektor.
U shuningdek, Rossiya amaldorlarini O‘zbekiston fuqarolariga bunday shafqatsizlik bilan munosabatda bo‘lmaslikka chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, Moskvada migrantlar maqomini tekshirish bo‘yicha reyd o‘tkazildi, bunda huquq-tartibot organlari xodimlari chet elliklar bilan zo‘ravonlik qo‘llashdan ham qochmadi. O‘zbekiston Migratsiya agentligi mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik rivojlanishi fonida hokimiyat vakillari tomonidan qo‘pol munosabat faktlari tashvish va afsus uyg‘otayotganini ma’lum qilgan.
O‘zbekistonning Bosh konsulligi va Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi vaziyatni nazoratga oldi. Idora Rossiya huquq-tartibot organlaridan rasmiy ma’lumot kutmoqda.