Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Beeline mobil aloqa operatori xizmatlari, jumladan, tariflar narxining oshishi, qo‘shimcha xizmatlar va pullik kontent xizmatlariga ulanish, to‘lov va xizmat ko‘rsatish sifati bilan bog‘liq muammolar haqidagi shikoyatlarga munosabat bildirdi.

Foydalanuvchilar oylik abonent to‘lovini to‘lash uchun hisob raqamida mablag‘ yetarli bo‘lmasa, abonentlarning roziligisiz avtomatik ravishda kunlik tarif rejasiga ulanishi, kunlik to‘lov yechib olingandan so‘ng ularga trafikdan foydalanish imkoniyati berilmasligi va boshqa noqulayliklar yuzaga kelayotganidan shikoyat qilishgan.

Tahlillarga ko‘ra, ayrim tariflar bo‘yicha kunlik abonent to‘lovi quyidagi shartlarda amal qiladi:

  • oylik abonent to‘lovini yechib olishda mablag‘lar yetarli bo‘lmasa, kunlik abonent to‘lovi (2000 so‘m) avtomatik tarzda hisoblanadi;
  • kunlik abonent to‘lovi avtomatik ravishda yechib olinadi va uni bekor qilish yoki olib tashlash imkonsiz;
  • kunlik to‘lov to‘liq amalga oshirilmasa, hisob manfiyga aylantiriladi va raqam bloklanadi. Agar bloklansa, taqdim etilgan trafik ishlamaydi. Blokdan chiqish uchun balansni ijobiy holatgacha to‘ldirish kerak;
  • kunlik abonent to‘lovi abonent hisobida oylik to‘lov uchun yetarli mablag‘ to‘planmaguncha avtomatik ravishda yechib olinadi. Mablag‘ yetarli bo‘lganda, oylik to‘lov yechib olinadi va to‘liq oylik paket taqdim etiladi.

Qayd etilishicha, iste’molchilar ixtiyoriy ravishda kunlik tarif rejasini yoqish yoki o‘chirish va xizmatdan voz kechish imkoniyatiga ega emas. Ushbu sutkalik tarif rejasining qo‘llanilishi iste’molchilar huquqlarining kamsitilishiga va bir qator qonun hujjatlari talablarining buzilishiga olib keladi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida qo‘mita tomonidan “UNITEL” MCHJga ayrim tarif rejalari bo‘yicha oylik va kunlik abonent to‘lovlarini yechib olish shartlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma yuborildi. Bunda operatorga quyidagilar buyurildi:

  • oylik abonent to‘lovini yechib olishda mablag‘lar yetarli bo‘lmasa, kunlik abonent to‘lovini avtomatik yechib olishni bekor qilish;
  • abonentga ixtiyoriylik asosida kundalik xizmatdan foydalanishni tanlash imkoniyatini berish;
  • abonent hisobvarag‘idan oylik yoki kunlik abonent to‘lovlari hisobdan chiqarilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek kiritilayotgan o‘zgartirishlar to‘g‘risida abonentlarni o‘z vaqtida xabardor qilish.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda Raqobat qo‘mitasi narxlarni tartibga solish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi yuzlab qonunbuzilish holatlarini aniqlagandi.