O‘zbekiston elchixonasi Moskvadagi migrantlarga qarshi reyd munosabati bilan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga nota yubordi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Rossiya tomoni bilan migratsiya masalalari bo‘yicha navbatdagi oylik yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

“Rossiya Federatsiyasi hududida bir qator holatlarda ruxsatsiz tekshiruvlar, O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan hurmatsiz va qo‘pol munosabatda bo‘lish holatlari haqidagi xabarlar xavotir uyg‘otayotganini ta’kidladik. Bunday holatlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligi va ularning oldini olish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish zarurligiga e’tibor qaratdik”, — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston xorijda yashayotgan va vaqtincha bo‘lib turgan o‘z fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishni o‘zining ustuvor vazifasi deb bilishini ta’kidladi. O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi ham tegishli diplomatik kanallar orqali Rossiya tomoni bilan ushbu masala bo‘yicha muloqot olib bormoqda. O‘zbekiston tomoni barcha fuqarolar uchun xalqaro huquq va inson huquqlari me’yorlariga rioya etilishini ta’minlashga chaqiradi.

Vazirlik Rossiya Federatsiyasining tegishli idoralarini O‘zbekiston fuqarolariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmaslikka chaqirdi. O‘zbekiston elchixonasi Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga Moskvadagi vaziyat yuzasidan izoh berish va xavfsizlik idorasi vakillarining xatti-harakatlariga huquqiy baho berishni so‘rab nota yubordi.

Sodir bo‘lgan holat inson huquqlari ochiqdan-ochiq buzilayotganini ko‘rsatmoqda, bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu masalani doimiy nazoratga olgan va zarur hollarda qo‘shimcha choralar ko‘rishda davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, Moskvada migrantlar maqomini tekshirish bo‘yicha reyd o‘tkazildi, bunda huquq-tartibot organlari xodimlari chet elliklar bilan zo‘ravonlik qo‘llashdan ham qochmadi. O‘zbekiston Migratsiya agentligi mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik rivojlanishi fonida hokimiyat vakillari tomonidan qo‘pol munosabat faktlari tashvish va afsus uyg‘otayotganini ma’lum qilgan.

O‘zbekistonning Bosh konsulligi va Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi vaziyatni nazoratga oldi. Idora Rossiya huquq-tartibot organlaridan rasmiy ma’lumot kutmoqda.