Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova O‘zbekistonning Moskvadagi migrantlarga qarshi reydlarga oydinlik kiritish talabi bilan yuborgan notasi haqida izoh berdi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.

Zaxarovaning aytishicha, murojaatda keltirilgan ma’lumotlar diqqat bilan o‘rganilib, tegishli idoralarga yetkazilgan. Rossiya O‘zbekistonga belgilangan tartibda xolis axborot taqdim etadi.

Zaxarova Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida mustahkam ittifoqchilik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari mavjudligini yana bir bor eslatib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, Moskvada migrantlar maqomini tekshirish bo‘yicha reyd o‘tkazilib, huquq-tartibot idoralari xodimlari chet ellik fuqarolarga nisbatan kuch ishlatishdan ham tortinmagan. O‘zbekiston Migratsiya agentligi mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik rivojlanayotgan bir paytda hokimiyat vakillari tomonidan qo‘pol munosabatda bo‘lish holatlari tashvish va afsus uyg‘otayotganini bildirdi.

O‘zbekistonning Bosh konsulligi va Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi vaziyatni nazoratga oldi. Idora Rossiya huquq-tartibot organlaridan rasmiy ma’lumot kutmoqda.

Bundan oldin O‘zbekiston Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga Moskvadagi migrantlarga qarshi kuch ishlatish reydlarini tushuntirish talabi bilan nota yuborgandi. Diplomatlar bunday holatlar mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini va ularning oldini olish uchun aniq choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladi.