Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida uchib kelish zalini keng ko‘lamli rekonstruksiya qilishning birinchi bosqichi yakunlandi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.

Terminalning yangilangan o‘ng qismi allaqachon ishga tushirilgan. Binoda uchib kelish zali kengaytirilib, avtotransport va avtobuslar uchun yangi yo‘lak qurildi, 120 o‘rinli avtoturargoh tashkil etildi, yashil hudud barpo etildi.

Binoning old tomoni surilishi hisobiga uchib kelish zalining maydoni 2 100 kv.m.ga oshirildi. Natijada bojxona zonasi kengaytirildi, qo‘shimcha yuk karuseli o‘rnatildi, shuningdek, birinchi marta 120 kishiga mo‘ljallangan terminal ichida kutib oluvchilar uchun joy yaratildi.

Kutib olish zonasidan tashqari, uchib kelish zaliga qisqa muddatli kirish yo‘li ham ochilgan. Endi terminalga taksi va shaxsiy avtomobillarda, shuningdek, ruxsat etilgan to‘xtash vaqti 10 daqiqagacha bo‘lgan avtobuslarda — uchib ketish zonasiga o‘xshash tarzda kirish mumkin.

Rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichini 2025-yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan. U qo‘shimcha bagaj tasmasini o‘rnatishni, kafelar, do‘konlar va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari joylashadigan kutib oluvchilar zonasini kengaytirishni o‘z ichiga oladi.

Uchib kelish va uchib ketish zallarini yagona terminal majmuasiga birlashtirish yakuniy bosqich bo‘ladi. Ishlar yakunida terminalning umumiy maydoni 10 000 kvadrat metrdan ortiqni tashkil etadi, o‘tkazish qobiliyati esa soatiga 2400 yo‘lovchiga yetadi.