Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri o‘rinbosari Xe Lifenning aytishicha, Pekin AQSH bilan iqtisodiy hamkorlik tarafdori va savdo urushi olib borishni istamaydi. Uning so‘zlarini TASS nashri keltirmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, XXR va AQSH o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning mohiyati o‘zaro manfaat va ikki tomonlama yutuqdan iborat. Agar Xitoy va Qo‘shma Shtatlar hamkorlik qilsa, ikkala tomon ham foyda ko‘radi, agar urushsa, ikkala tomon ham zarar ko‘radi.

“Savdo urushida g‘oliblar bo‘lmaydi, Xitoy jang qilishni xohlamaydi, lekin jang qilishdan qo‘rqmaydi”, — dedi u.

Xe Lifenning fikricha, tomonlar kelishmovchiliklarni teng huquqli muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlik orqali hal qilishlari kerak. Davlat kengashi bosh vaziri o‘rinbosari Xitoy Amerika tomoni bilan maslahatlashuvlarda samimiy va prinsipial ekanligini ta’kidladi.