12-iyun kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar bermoqda.

Regulyator xabariga ko‘ra, iqtisodiy faollik va iste’mol talabi dinamikasi, shuningdek, bazaviy inflyatsiyaning o‘sish tendensiyasi iqtisodiyotda inflyatsion bosim saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa, 2025-yil may oyida umumiy inflyatsiyaning biroz pasayishiga qaramasdan, inflyatsiyaning prognozdan yuqori shakllanishiga olib keladi. Bunday sharoitda energiya resurslari narxlari oshishining inflyatsion jarayonlarga ikkilamchi ta’sirini kamaytirish va umumiy inflyatsiyaning barqaror pasayuvchi trendga o‘tishini ta’minlash maqsadida asosiy stavka joriy darajada saqlab qolindi.

2025-yil boshidan o‘suvchi trendda shakllangan umumiy inflyatsiya darajasi o‘tgan yilgi energiya tariflari oshirilishining birlamchi ta’siri tugashi hisobiga may oyida yillik 8,7 foizgacha pasaydi. Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari umumiy inflyatsiyadan yuqori shakllangan.

Xizmatlar sohasida inflyatsiyaning tezlashishi hisobiga bazaviy inflyatsiyaning o‘suvchi dinamikasi saqlanib qoldi va may oyida yillik 8,5 foizni tashkil etdi. Iqtisodiyotda yalpi talab yuqori bo‘lgan sharoitda energiya narxlari joriy o‘sishining ikkilamchi ta’siri yuzaga kelishi, bu esa inflyatsion bosimning uzoqroq davom etishini ko‘rsatadi.

2025-yilning yanvar-may oylarida yuqori iqtisodiy faollik yalpi talab shakllanishining asosiy omillaridan biri bo‘ldi. Bu savdo va pullik xizmatlardan tushumlar va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining oshishi, shuningdek, banklararo tranzaksiyalar va ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar hajmining o‘sishida namoyon bo‘lmoqda.

Iqtisodiyotda kreditlar berishning yuqori sur’atlari saqlanib qolayotgani va byudjet xarajatlarining oshib borayotgani ham iqtisodiy faollikni rag‘batlantiradi. Ushbu omillar kelgusida iqtisodiyotdagi narxlar darajasiga bosim o‘tkazib, yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

“Jahon iqtisodiyotidagi noaniqlik va xalqaro savdodagi keskinlik natijasida ko‘plab mamlakatlarda pul-kredit sharoitlarining qat’iyligi uzoqroq muddat saqlanib qolishi kutilmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi oylarda ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining jahon narxlari oshishi kelgusida ichki narxlarga qo‘shimcha bosimni yuzaga keltirishi mumkin”, deyiladi xabarda.

An’anaviy eksport tovarlarining yuqori birja narxlarini saqlab qolish va savdo hamkorlari bo‘lgan mamlakatlarda almashuv kurslarini mustahkamlash eksport tushumlari va transchegaraviy pul o‘tkazmalarining o‘sishiga yordam beradi. Bu xorijiy investitsiyalar oqimi bilan birgalikda ichki valyuta bozorida taklifning barqaror shakllanishini ta’minlab, kelgusi oylarda almashuv kursi tomonidan inflyatsiyaga bo‘lgan bosimni pasaytirishga xizmat qiladi.

Pul-kredit sharoitlarining joriy qat’iylik darajasini saqlab qolish kelgusida kreditlash hajmlarining mo‘tadil o‘sishiga va depozitlarning yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolishga xizmat qiladi. Bu yalpi talab muvozanatini ta’minlash va monetar omillarning inflyatsiyaga ta’sirini kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yuqoridagi omillarni inobatga olgan holda, Markaziy bank boshqaruvi o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Markaziy bank o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik target ko‘rsatkichiga erishish uchun pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qat’iy bo‘lishini ta’minlaydi.

Kelgusi oylarda iqtisodiyotda yalpi talab va ikkilamchi ta’sirlar tomonidan inflyatsion bosim kutilganidan yuqori bo‘lishi uchun asoslar va ehtimollar yuzaga kelgan taqdirda, pul-kredit sharoitlarining qat’iylik darajasi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2025-yil 24-iyulga belgilangan.