O‘zbekistonda taksichilar faoliyatini ularning ro‘yxatdan o‘tgan hududlari va qo‘shni viloyatlar doirasida cheklash tartibi boshlandi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot kotibi ma’lumotiga tayanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda taksi haydovchilariga litsenziya beruvchi tashkilot endilikda haydovchining ro‘yxatdan o‘tgan hududini hisobga olishi haqida ma’lumotlar tarqala boshladi. Transport vazirligi bunday tartib amalda qo‘llanilayotganini tasdiqladi.

Bu qoida kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q: 2011-yildayoq yo‘nalishli taksilar faoliyatini tartibga soluvchi 139-sonli qaror qabul qilingan edi. Ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizomda yo‘nalishli taksilar uchun talablar va yagona tanish belgilari mavjud. 5-bobning 9-bandida haydovchi yo‘nalishsiz taksilarda yo‘lovchi tashishni faqat litsenziya kartochkasida ko‘rsatilgan hudud doirasida amalga oshirishi mumkinligi belgilangan.

“Ushbu qaror o‘z kuchini yo‘qotdi. Uning o‘rniga 2025-yilda qabul qilingan yangi qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, haydovchi faqat litsenziyada ko‘rsatilgan hududda va unga tutash hududlarda faoliyat yuritishi mumkin”, — dedi vazirlik matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatov.

Masalan: 01 raqamidan boshlanuvchi davlat raqamiga ega bo‘lgan (Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan) transport vositasi Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida taksi faoliyatini amalga oshirishi mumkin. Xuddi shunday qoidalar boshqa hududlar uchun ham amal qiladi.

Ashurmatovning so‘zlariga ko‘ra, gap aynan tegishli hudud ichida taksilarni taqiqlash, ya’ni hudud ichida A nuqtadan B nuqtaga tashish haqida ketmoqda.

“Shu bilan birga, haydovchi, aytaylik, Samarqanddan mijozni boshqa hududga olib borishi mumkin, lekin o‘sha hudud ichida ishlay olmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi Ashurmatov.