Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida imtihon javoblarini sotgan o‘qituvchi ishdan olindi, direktorga intizomiy jazo e’lon qilindi. Bu haqda viloyat MMTB xabar bermoqda.
Voqea 35-maktabda sodir bo‘lgan. Pedagog imtihon boshlanishidan oldin bitiruvchilarga javoblar nusxalarini ko‘rsatdi va ulardan puxta tayyorgarlik ko‘rish va bilimlarni mustahkamlash uchun foydalanishni tavsiya qildi.
Bundan tashqari, u materiallarni kompyuter xizmatlari bo‘yicha mutaxassisga topshirganini va xohlovchilar javoblarni 5 ming so‘mga sotib olishlari mumkinligini aytdi.
Holat jamoatchilikka ma’lum bo‘lgach, maktab direktoriga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan. Qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan o‘qituvchi o‘zboshimchalik qilgani uchun ishdan bo‘shatildi.