Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent aholisini 110 ming uy buzilishi kutilayotgani bilan qo‘rqitishdi. Qurilish vazirligi tarqatilgan xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
Hozirda mamlakat bo‘ylab ko‘p qavatli uy-joy fondining seysmik holatini o‘rganish va baholash ishlari olib borilmoqda. Ushbu tadbirlar profilaktik xususiyatga ega bo‘lib, aholining xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
Faqatgina rasmiy hujjati bo‘lmagan bitta obyektda seysmik talablarga javob bermasligi aniqlangan. Shu munosabat bilan amaldagi tartib doirasida fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi. Idoraning ta’kidlashicha, hozirda turar-joy binolarini ommaviy buzish bo‘yicha hech qanday qaror yoki rejalar mavjud emas.
Fuqarolardan ishonchsiz manbalardan tarqatilayotgan noto‘g‘ri ma’lumotlarga ishonmaslik va faqat rasmiy ma’lumotlarga tayanish so‘raldi.