Shavkat Mirziyoyev Hindiston prezidenti Draupadi Murm va bosh vaziri Narendra Modiga Ahmadobod shahri hududida ro‘y bergan aviahalokat oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va jarohatlangani munosabati bilan hamdardlik yo‘lladi.
Davlat rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga, butun Hindiston xalqiga samimiy hamdardlik va dalda so‘zlarini izhor etib, jarohat olganlar tez fursatda shifo topishlarini tiladi.
Eslatib o‘tamiz, samolyot 12 iyun kuni Hindistonning Ahmadobod aeroporti yaqinidagi shifokorlar yotoqxonasi yaqinidagi turar joy hududiga qulagan edi. Havo kemasida 242 kishi, jumladan 2 uchuvchi va 10 havo kema xodimi bo‘lgan, yo‘lovchilar orasida Hindiston, Kanada, Portugaliya fuqarolari hamda Buyuk Britaniya fuqarolari bor edi.
News18 telekanali 40 kishi halok bo‘lganini xabar qildi. Londonning Gatvik aeroporti aniqlik kiritishicha, samolyot mahalliy vaqt bilan soat 18:25 da qo‘nishi kerak edi. Ahmadoboddagi Sardar Vallabhay Patel nomidagi xalqaro aeroport aviahalokatdan so‘ng barcha faoliyatini to‘xtatdi.