O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan bozorlari orasida o‘sish sur’atlari bo‘yicha yetakchilar ro‘yxatidan joy olgan. Bu haqda Jahon bankining global iqtisodiy istiqbollar to‘g‘risidagi yangi hisobotida aytiladi.

Tashkilot iqtisodchilari O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 2024-yildagi o‘sishini avval kutilganidek 5,3 foizgacha sekinlashgan holda 6,5 foiz deb baholamoqda. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat mintaqadagi faqat uchta davlat – Gruziya (9,4%), Qirg‘iziston (9%) va Tojikistondan (8,4%) ortda qoldi.

2025 va 2026-yillarda 5,9 foiz, 2027-yilda esa 5,8 foiz o‘sish sur’atlari kutilmoqda. 2026-yil uchun prognoz 0,1 foizga oshgan bo‘lsa, 2027-yil uchun hisob-kitoblar o‘zgarmagan.

Rossiya va Xitoyda o‘sish sur’atlarining pasayishi, shuningdek, global bozorlardagi umumiy noaniqlik fonida Markaziy Osiyo tashqi savdo o‘sishining pasayishiga duch kelishi mumkin. Neft va metallarning past narxlari mahalliy eksportchilar uchun ayniqsa sezgir bo‘ladi, deb hisoblaydi Jahon banki.

Jahon banki mintaqadagi salbiy xavf omillariga Ukrainadagi qurolli mojaroning davom etishi yoki kuchayishi, jahon savdosidagi inqirozning kuchayishi va uzoq muddatli inflyatsiyani kiritdi. Shu bilan birga, Ukraina bilan bog‘liq vaziyatni tezroq hal qilish, shuningdek, raqamli texnologiyalar, xususan, sun’iy intellektning tarqalishi iqtisodiy o‘sishni tezlashtirishi mumkin.