2025-yil boshidan buyon O‘zbekistonda nazorat tadbirlari davomida iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasini noqonuniy iste’mol qilish bilan bog‘liq 1094 ta holat qayd etildi, deb xabar bermoqda “O‘zenergoinspektsiya”.
Huquqbuzarliklar natijasida davlatga 471,2 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Shuningdek, energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish holatlari boʻyicha 1 ming 788 ta maʼmuriy ish qoʻzgʻatilib, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qonuniy choralar koʻrildi.
May oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 229 ta holat aniqlanib, tizimga 94 milliard 887 million so‘m zarar yetkazilgan. Jumladan, 35,6 million kVt/soat elektr energiyasi va 13,2 million kub metr tabiiy gaz qonunbuzarlik bilan iste’mol qilingan.
Energiya resurslaridan foydalanishdagi huquqbuzarliklar yuzasidan 448 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘tkazildi.