Qashqadaryoda Dehqonobod tumani hokimi o‘rinbosari pora olayotganda qo‘lga olindi. DXX matbuot xizmati mansabdorning qo‘lga olinishi tafsilotlarini ma’lum qildi.

Hokim o‘rinbosari mahalliy fermer xo‘jaligi rahbarining ishonchiga kirib, undan 2025-yil uchun 300 kg pilla topshirish rejasini “yopish” uchun 21 mln so‘m talab qilgan. U ishxonasida kelishilgan puldan 7 mln so‘mni olayotgan vaqtida ushlandi.

Holat yuzasidan mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (firibgarlik) va 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Unga 8 yilgacha qamoq jazosi tahdid solmoqda.