Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov Sankt-Peterburg vitse-gubernatori Nikolay Viktorovich Linchenko boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Muzokaralar tafsilotlarini poytaxt ma’muriyati matbuot xizmati e’lon qilmoqda.
Muzokaralar chog‘ida shaharsozlik va shahar infratuzilmasini rivojlantirish sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Hududlararo sheriklik aloqalarini mustahkamlash ramzi bo‘lgan Yangi Toshkent shahri hududida “Peterburg kvartali” — turar-joy va jamoat hududini barpo etish konsepsiyasiga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar qulay shahar muhitini rivojlantirish, ilg‘or arxitektura yechimlarini joriy etish va aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston rasmiylari Toshkent va Yangi Toshkentni ikkita metro liniyasi bilan bog‘lashni rejalashtirmoqda.