13-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi G‘azo sektorida o‘t ochishni darhol, so‘zsiz va doimiy to‘xtatish talabi bilan rezolyutsiya qabul qildi.
Hujjatni 149 davlat, jumladan, O‘zbekiston qo‘llab-quvvatladi, 12 davlat qarshi ovoz berdi, 19 davlat betaraf qoldi. Qarshi ovoz berganlar orasida AQSH, Isroil, Vengriya, Argentina va Paragvay bor. Betaraflar orasida Gruziya, Hindiston, Ruminiya va Ekvador bor.
20 dan ortiq davlatlar tomonidan taklif etilgan rezolyutsiya ochlikdan urush vositasi sifatida foydalanishni keskin qoralaydi, insonparvarlik yordamini yetkazib berishga cheklovlarni bekor qilishni talab qiladi va tinch aholini xalqaro huquqqa muvofiq himoya qilish zarurligini ta’kidlaydi. Shuningdek, hujjatda HAMAS va boshqa guruhlar tomonidan garovga olingan barcha mahbuslarni ozod qilish talabi ham bor.
Ushbu rezolyutsiya AQSH BMT Xavfsizlik kengashida shunga o‘xshash tashabbusni bloklaganidan bir necha kun o‘tib qabul qilindi.