Toshkent shahrining Yunusobod tumanida ikki nafar fuqaro qalbaki oltin quymalarini sotayotganda qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament axborot xizmati xabar bermoqda.
Muqaddam sudlanganlar oddiy metalldan soxta oltin quymalarini yasagan. Ularga oltin rang berib, yuqori asillik darajasini ko‘rsatuvchi belgi qo‘yishdi.
Firibgarlar soxta mahsulotlar uchun 70 ming dollar olmoqchi bo‘lgan, ular 35 ming dollar olayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 227-moddasi (rasmiy hujjatlar, muhrlar, shtamplar va davlat raqam belgilarini qalbakilashtirish, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.