2025-yilning aprel oyida Dubayda ikki guruh o‘rtasidagi kelishmovchilik oqibatida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi, deb yozadi Khaleej Times .
Nashrning yozishicha, mojaroga ikki guruh aʼzolari oʻrtasidagi eski janjal sabab boʻlgan. Mushtlashuv guruhlardan biri avtomobilga xizmat ko‘rsatish uchun yoqilg‘i quyish shoxobchasiga kelganida boshlangan. Halok bo‘lganlardan biri g‘ildirak bosimini tekshirish uchun qizil rangli “Mersedes”ga yaqinlashayotganida ikkinchi guruhdagi erkaklar unga hujum qilgan. Ikkinchi ishtirokchi esa qochishga uringan, biroq ushlanib, o‘ldirilgan.
Voqea joyida bo‘lgan politsiya xodimi zudlik bilan voqea haqida xabar bergan va yetib kelgan huquq-tartibot idoralari xodimlari hududni o‘rab olgan, dalillar to‘plash va kuzatuv kameralaridagi video tasvirlarni ko‘zdan kechirishni boshlagan. Guvohlar voqea joyini qayta tiklashga yordam bergan asosiy guvohliklarni ham berishdi.
Tezkor tadbirlar davomida politsiya qo‘shni amirliklardan biridagi mehmonxonada 11 kishini, jumladan, asosiy gumondorlarni qo‘lga oldi. Surishtiruv chog‘ida ular jinoyatga iqror bo‘lib, mojaro shaxsiy adovatdan kelib chiqqanligini ta’kidladi.
Dubay prokuraturasi ishni keyingi sud jarayoniga yubordi. Politsiyaning ishontirishicha, Dubay dunyodagi eng xavfsiz megapolislardan biri bo‘lib qolmoqda va bunday istisno holatlar Amirlikdagi xavfsizlikning umumiy manzarasini ochib bera olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Dubayda 15 nafar O‘zbekiston fuqarosi ko‘chadagi mojaroda ishtirok etganlikda gumonlanib qo‘lga olingan edi. Amirlikdagi huquq-tartibot idoralari bu mamlakatlar oʻrtasidagi vizasiz rejimga taʼsir qilishi mumkinligini aytdi .