O‘zbekistonga janubdan quruq va juda issiq havo oqimi kirib kelishi kuchayadi. Bu haqda O‘zgidromet haftalik ob-havo ma’lumotida xabar berdi.
16-17 iyun kunlari Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida, 17-19 iyun kunlari O‘zbekistonning qolgan hududlarida havo harorati kunduzi 40-42 darajagacha, janubiy va cho‘l hududlarda ayrim joylarda 43-44 darajagacha ko‘tariladi.
Tunlar ham dim bo‘ladi. Faqat erta tongda haroratning qisqa vaqtga 24-27 darajagacha pasayishi kutilmoqda. Hafta oxirida harorat biroz pasayadi, hududning aksariyat qismida kunduzi havo harorati 35-38 daraja, janubda 39-41 daraja atrofida bo‘ladi.
Ushbu kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab asosan kam bulutli ob-havo saqlanib qoladi. 16-18 iyun kunlari shimoliy va cho‘l hududlarda, 19-21 iyun kunlari respublikaning ko‘plab viloyatlarida ayrim joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, ba’zi tumanlarda changsimon izg‘irin bo‘lishi kutilmoqda. Tog‘li hududlarda 20 iyun kuni ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘ladi.
Toshkentda asosan kam bulutli ob-havo bo‘lib, yog‘ingarchilik kutilmayapti. Harorat bugun kunduzi 36-38 daraja, 17-19 iyun kunlari 38-41 darajagacha, 20 iyun kuni 35-37 daraja bo‘ladi.