O‘zbekistonda 1-avgustdan hokimliklar xodimlarining oylik maoshlari oshiriladi, ular uchun ish samaradorligiga qarab o‘zgaruvchan ustama va bonuslar joriy etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 16-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Davlatimiz rahbari talab shunga yarasha bo‘lishini aytdi. Yarim yillik yakunlari bo‘yicha har bir hokim, vazir o‘rinbosari va bank rahbaridan shaxsan hisobot so‘raydi.

“Kim o‘z vazifasini uddalay olmasa, u bilan xayrlashamiz. Faqat shu yo‘l bilan intizom va natijaga erishamiz”, — dedi prezident.

Shuningdek, Sirdaryo tumanida mahalliy hokimliklar ishiga yondashuvni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan tajriba boshlanadi. U yerda maxsus «Islohotlar shtabi» – 9 ta idora, banklar, biznes uyushmalari va faol tadbirkorlardan iborat jamoa tuziladi. Uning vazifasi uch oy muddatda tumandagi 38 ta mahallani kompleks rivojlantirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqishdan iborat.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, agar pilot loyiha natija bersa, 2026-yildayoq butun mamlakat bo‘ylab shunday yondashuv joriy etiladi.

Yangi tizim tufayli nafaqat joylarda boshqaruvni yaxshilash, balki mutaxassislarni yanada samarali va to‘liq fidokorona ishlashga rag‘batlantirish kutilmoqda.