O‘zbekistonda jinsning o‘zgarishi F.I.Sh.ni o‘zgartirish uchun asos bo‘ldi. «Nikoh, oila va fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish to‘g‘risida»gi qarorga o‘zgartirishlar kiritildi.
Qarorga ko‘ra, bunday holatda sog‘liqni saqlash muassasasining tibbiy xulosasi taqdim etilishi kerak.
Jinsni o‘zgartirishda «Davlat tili haqida»gi qonunning 15-moddasiga asosan tug‘ilganlik, o‘lim, nikoh to‘g‘risidagi guvohnomalarga o‘zgartirish kiritish, shuningdek, F.I.O.ni o‘zgartirish faqat tarixiy va milliy an’analarga rioya qilgan holda amalga oshirilishi mumkin edi.
Qoidalarning yangi tahriri F.I.O.ni o‘zgartirishni nazarda tutadi:
- «Davlat tili haqida»gi qonunning 15-moddasiga muvofiq;
- sud qarori asosida;
- familiyasi yoki ismi yoqimsiz eshitilsa;
- familiyasi yoki ismi milliy mansubligiga mos kelmasa;
- nikohgacha bo‘lgan familiyaga qaytish uchun;
- oila a’zolari umumiy familiyaga ega bo‘lishni xohlasa;
- bolalarning otasi yoki onasi bilan bir familiyada, onasining nikohgacha bo‘lgan familiyasi yoki o‘gay otasining yoxud vasiyning familiyasi bilan atalishi istagida bo‘lsa;
- 16 yoshga to‘lgan shaxsga nisbatan otalik belgilanganda;
- jinsi o‘zgarganda.
Adliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda endi jinsni o‘zgartirishga ruxsat berilgani haqidagi xabarlar to‘lqinidan so‘ng tushuntirish berishga majbur bo‘ldi.
Qonunchilikka ko‘ra, bolaning tug‘ilishini qayd etishda uning jinsi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan tibbiy ma’lumotnoma asosida kiritiladi.
Biroq, har yili (yiliga o‘rtacha 5-6 ta) noma’lum jinsli bolalar tug‘ilishi holatlari qayd etiladi. Dastlabki bosqichda jins «o‘g‘il» yoki «qiz» deb belgilangan bo‘lsa-da, 5-10 yoshda, ba’zan esa 10-16 yoshdan keyin jins noto‘g‘ri aniqlanganligi aniqlanishi mumkin (masalan, «o‘g‘il» deb yozilgan, aslida esa bola qiz bo‘lib chiqdi va aksincha). Bunday hollarda tibbiy xulosa asosida bolaning jinsi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga tuzatish kiritilishi mumkin.
Idoraning ta’kidlashicha, bunday imkoniyat 1998 yil 1 sentyabrdan beri amalda bo‘lgan Oila kodeksining 229-moddasida nazarda tutilgan – ya’ni bu yangilik emas, ammo qonunchilikda huquqiy bo‘shliqlar mavjud edi.
Masalan, 2008-yilda bolaning jinsini aniqlab bo‘lmay, o‘g‘il bola sifatida ro‘yxatga olinib, unga mos ism qo‘yilgan. Bola 16 yoshga to‘lganda, tibbiy tekshiruvlardan so‘ng uning qiz bola ekanligi aniqlangan. Jins rasman o‘zgartirilgan, biroq yangi jinsga mos keladigan familiya, ism va ota ismini o‘zgartirishning huquqiy mexanizmi yo‘qligi sababli imkonsiz bo‘lgan,» – deya qo‘shimcha qildi vazirlik.
Ushbu bo‘shliqni bartaraf etish maqsadida 12 iyun kuni Vazirlar Mahkamasining 362-sonli qarori bilan tibbiy xulosa asosida jins to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘zgartirilganda, familiya, ism va ota ismini ham jinsga mos ravishda o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilishi belgilandi.
Vazirlik, shuningdek, OAV vakillari va blogerlarni qabul qilingan hujjatning mohiyatini buzib ko‘rsatmaslikka va jamoatchilikni chalg‘itmaslikka chaqirdi.