17-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning taklifiga binoan «Markaziy Osiyo – Xitoy» formatidagi ikkinchi sammitda ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘ladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda mintaqa davlatlari rahbarlari va Xitoy raisi Si Szinpin ishtirok etadi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi. Yakunda qo‘shma hujjatlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Sammit doirasida O‘zbekiston prezidenti Xitoy raisi bilan ikki tomonlama uchrashuv ham o‘tkazadi.

Ta’kidlash joizki, ushbu formatdagi birinchi sammit 2023 yil may oyida Xitoyning Sian shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari va XXR o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish maqsadida bo‘lib o‘tgan edi.