Stokgolm xalqaro tinchlik muammolarini tadqiq qilish instituti ekspertlari dunyoni yangi yadro qurollari poygasi kutayotganini ta’kidlamoqdalar. Bu haqda SIRPIning tegishli hisobotida aytilgan.

Mutaxassislarning fikricha, butun dunyo bo‘ylab qurollarni nazorat qilish tizimlari jiddiy darajada zaiflashgan.

Yadro quroliga ega bo‘lgan deyarli barcha davlatlar 2024-yilda jadal yadroviy modernizatsiya dasturlarini davom ettirdilar. 12 241 ta jangovar kallakka baholangan umumjahon zaxirasidan 9 614 tasi ehtimoliy foydalanish uchun harbiy omborlarda saqlanmoqda.

Ulardan deyarli 2100 ta joylashtirilgan jangovar kallak ballistik raketalarda yuqori jangovar tayyorgarlik holatida turibdi, bu kallaklarning deyarli barchasi Rossiya yoki AQShga tegishlidir.

Mutaxassislarning fikricha, sovuq urush tugaganidan beri davom etib kelayotgan dunyodagi yadro qurollari sonini kamaytirish davri o‘z nihoyasiga yetmoqda.