Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 2025-yil boshidan buyon dorixonalarda dori vositalarini sotishda savdo ustamalarini oshirib ko‘rsatish bilan bog‘liq 62 704 ta huquqbuzarlik holatini aniqlagan.

Fair tech tizimi orqali yuborilgan arizalarda mamlakat bo‘ylab 225 ta dorixonada qoidabuzarliklar aniqlangan. Ular 2,6 mlrd so‘mdan ortiq asossiz daromad olgan.

Mazkur holatlar yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, asossiz olingan mablag‘larni qaytarish choralari ko‘rilgan. Bundan tashqari, qo‘mita Maxsus komissiyasi Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan uchta kompaniyaga nisbatan narxlarni asossiz oshirish belgilari bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi:

  • EVRO FARM BIZNES MCHJ XKda 1744 ta holat;
  • 1695 holat TAR PHARM ALLIANCE MCHJda;
  • “GARMONIYA FARM” MCHJda 5191 ta holat.

Qo‘mita dori vositalarining ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni ogohlantirdi.