O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat fuqarolariga murojaat qilib, Isroil va Eron mojarosi tufayli provokatsiyalarga berilmaslikka chaqirdi.

Idoraning ta’kidlashicha, mojaroning kuchayishi butun mintaqaning barqarorligi va tinchligiga tahdid soladi, bu esa, o‘z navbatida, oddiy fuqarolar — tinch aholi, ayniqsa, bolalar va ayollar uchun og‘ir oqibatlarga olib keladi.

O‘zbekiston urushga muammolarni hal qilish vositasi sifatida emas, balki odamlar hayoti, barqarorlik va taraqqiyotga jiddiy tahdid soladigan vaziyat sifatida qaraydi. Urushda g‘oliblar bo‘lmaydi. Eng katta yo‘qotishlarni har doim oddiy odamlar ko‘targan va hozir ham shunday.

O‘zbekiston har doim tinchliksevar siyosat olib borgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Mamlakatimiz barcha davlatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirmoqda, — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston fuqarolari tinchliksevar, bag‘rikeng va mas’uliyatli fuqarolik pozitsiyasini saqlab qolishga chaqirildi.

Diniy, irqiy yoki boshqa shaxsiy mansubligiga ko‘ra mojarolarga munosabat bildirmaslik, nafrat va nizolarning har qanday targ‘ibotiga qarshi turish barchamizning burchimizdir.

Shuningdek, fuqarolarimizni turli provokatsiya va haqoratlarga berilmaslikka, vaziyatlarga hissiyot bilan emas, bosiqlik bilan munosabatda bo‘lishga chaqiramiz. Jamiyatimizda milliy va diniy totuvlikni saqlash umumiy barqarorlik va xavfsizlikning muhim garovi ekanini eslatib o‘tamiz, — deyiladi xabarda.

TIV barcha mojarolarni xalqaro huquq va diplomatik muloqot asosida tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini yana bir bor ta’kidladi. Tinchlik va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlar mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi.

Eslatib o‘tamiz, Eron va Isroildagi o‘zbekistonliklardan harbiy obyektlar va odamlar to‘planishidan uzoqroq turish so‘ralgandi. Fuqarolardan zarur hollarda mamlakatning Eron va Isroildagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilish so‘ralgan.