Tashqi ishlar vazirligi yana bir bor O‘zbekiston fuqarolariga murojaat qilib, ba’zi foydalanuvchilarning odamlarning his-tuyg‘ularini o‘ynayotgan postlari va xatti-harakatlariga izoh berdi.

O‘zbekiston tomoni Yaqin Sharqda sodir bo‘layotgan voqealarga munosabat bildirib, tomonlarni to‘liq bosiqlik ko‘rsatishga, harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga va mojaroni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishga chaqirdi.

O‘zbekiston har ikki davlat bilan mustahkam diplomatik aloqalarga ega. Eron-Isroil mojarosi ham mamlakatimiz manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi.

“Ko‘rinib turibdiki, odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan ushbu ziddiyatli vaziyatga nisbatan yurtdoshlarimiz vahima, hissiyot va kechinmalarga berilib munosabat bildirmoqda”, deyiladi xabarda.

Tashqi ishlar vazirligi bunday vaziyatlarda qanday harakat qilish kerakligini tushuntirishga qaror qildi:

  • vazmin, mulohazali va bag‘rikeng bo‘ling;
  • harbiy mojaroga dinlar va e’tiqodlar to‘qnashuvi nuqtayi nazaridan qaramang;
  • vazmin pozitsiyani egallang;
  • tasdiqlangan, ishonchli axborot manbalaridan foydalaning;
  • din, mazhab yoki e’tiqod asosida shaxsiy yoki umumiy xulosalar chiqarmang. Chunki bu jamiyatda bo‘linish, qarama-qarshilik va radikal kayfiyatlarning shakllanishiga sabab bo‘ladi;
  • davlat organlari matbuot xizmatlari va boshqa rasmiy ekspertlarning fikriga amal qilish;
  • fikr bildirish va axborot tarqatishda jamiyat barqarorligi va shaxsiy mas’uliyatni unutmang.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston TIV Isroil va Eron mojarosi fonida provokatsiyalarga javob bermaslikka chaqirgandi. Idora barcha mojarolarni xalqaro huquq va diplomatik muloqot asosida tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini yana bir bor ta’kidladi. Tinchlik va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlar mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi.