Samarqand viloyatida “O‘zkomnazorat” va Elektromagnit moslashuv markazi xodimlari telekommunikatsiya tarmoqlaridan noqonuniy foydalangan erkakni topdi. Bu haqda inspeksiya bayonotida aytiladi.

Oqdaryo tumanida yashovchi fuqaro o‘z xonadonida noqonuniy ravishda telekommunikatsiya tarmog‘ini tashkil etib, radiorele uskunasi yordamida 9 nafar qo‘shnisiga pullik va bepul internet xizmatlarini ko‘rsatgan. Shu bilan birga, fuqaroda bunday xizmatlarni ko‘rsatish uchun hech qanday litsenziya, ruxsatnoma va shartnomalar bo‘lmagan.

Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, erkak va 9 nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 152-moddasi (Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish tartibini buzish), 155-2-moddasi (Telekommunikatsiya tarmoqlaridan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish) va 165-moddasi (Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) bilan chora ko‘rilgan.

“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi telekommunikatsiya tarmoqlarini tashkil etish, ulardan foydalanish va xizmatlar ko‘rsatishda qonunchilik talablarini buzish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantiradi.