O‘zbekistonda joriy haftada jazirama kuchayadi. Shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi issiqqa qanday chidash kerakligi haqida tavsiyalar berdi.

Mutaxassislar bolalar, keksalar, homilador ayollar va surunkali kasalliklarga chalingan aholini o‘z salomatligiga alohida e’tiborli bo‘lishga chaqirdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi quyidagi maslahatlarni beradi:

  • 10:00 dan 17:00 gacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlaridan saqlaning;
  • ko‘chaga chiqayotganda tabiiy, ochiq rangli, ip gazlamadan tikilgan kiyimlar va yengil bosh kiyimlar, shuningdek, quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak taqish tavsiya etiladi;
  • kuniga kamida 3 litr suyuqlik ichish kerak. Konditsioner ishlaydigan xonalarda sovuq ichimliklarni iste’mol qilishdan tiyilish kerak;
  • gazlangan, energetik va spirtli ichimliklar va qahvadan voz keching, ko‘proq meva va sabzavotlar iste’mol qiling;
  • kun davomida iliq dush qabul qilish, vaqti-vaqti bilan badanni sovuq suvga ho‘llangan sochiq bilan artib turish ham organizm qizib ketishining oldini oladi.

Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolaridan ehtimoliy issiqlik urishi belgilariga e’tibor qaratish so‘ralgan. Belgilari: bosh aylanishi, qusish, yurak urishining tezlashishi, hushdan ketish bo‘lishi mumkin. Bunda jabrlanuvchini salqin joyga olib borib, oyoqlarini ko‘tarib, sovuq suv bilan yuvintirib, tez yordam chaqirish kerak. Surunkali kasalliklarga chalingan odamlar shifokor bilan maslahatlashib, o‘z harakatlarini cheklashlari kerak.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda dimlik va issiq kuchayadi: soyadagi harorat 44 darajagacha ko‘tariladi.