“Yuksalish” harakati va “O‘zsuvta’minot” kompaniyasi O‘zbekistondagi suv ta’minoti va kanalizatsiya obyektlari holati bo‘yicha bahslashdi.

Bir necha kun oldin “Yuksalish” mahallalarni ichimlik suvi va kanalizatsiya bilan ta’minlashga qaratilgan 99 ta loyihaning jamoatchilik monitoringi ma’lumotlarini e’lon qilgandi. Jami 101 ta mahalla qamrab olindi.

Rasman qurib bitkazilgan deb hisoblanayotgan 23 ta obyektda ishlar aslida yakuniga yetkazilmagan. Bundan tashqari, 28 ta obyekt o‘z vaqtida topshirilmagan. Yana 15 ta mahallada suv ta’minoti va kanalizatsiya barqaror ishlamayapti, 9 ta obyekt noto‘g‘ri qurilgan.

Monitoring ma’lumotlariga ko‘ra, ba’zi joylarda suv rasman ulangan – aslida u odamlarga yetib bormaydi. Mahalliy aholi uzilishlar va nosozliklar haqida shikoyat qildi.

“O‘zsuvta’minot” ayblovlarni rad etib, “Yuksalish” tegishli xizmatlardan emas, balki tashqi manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalanganini ta’kidladi. Tahlil jarayonida loyiha hujjatlari inobatga olinmagan, shuningdek, hanuzgacha ish olib borilayotgan obyektlar ham ro‘yxatga kiritilgan. Kompaniya ayrim xulosalar shoshma-shosharlik bilan chiqarilgani, ishchi guruhda mutaxassislar yetishmaganini ta’kidladi.

“Yuksalish” esa javob topganini va barcha ma’lumotlar rasmiy manbalardan, jumladan, kompaniyaning o‘zidan olinganini aytdi. Shu bilan birga, hisobotda aholining shikoyatlari inobatga olingan.

“O‘zsuvta’minot” jamoatchilikni chalg‘itgani o‘z yo‘liga, asosiysi barcha ro‘yxatdagi obektlar nazoratga olindi. Suv kelmagan joylarga suv keldi, kelmagan joylarda esa tezda kelishi haqida va’dalar berildi. Biz shundan xursandmiz. Bugungi O‘zbekiston aynan shu bilan ham kuchli — bugun fuqarolik jamiyati bor, bugun jamoatchilik nazorati bor. Biz bundan buyon ham davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini nazorat qilishda qat’iy turamiz”, — dedi “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov.

Harakat raisi mutasaddilarni tez-tez joylarga chiqib, ishlarning borishini shaxsan baholashga chaqirdi.