Bir yoki ikki kun ichida AQSH Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyasiga qo‘shilish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Bu haqda ABC nashri yozmoqda.
Belgilangan vaqt ichida Vashington mojaroni diplomatik usullar bilan hal qilish mumkinligi yoki AQSH prezidenti Donald Tramp harbiy harakatlarga o‘tishga qaror qilishi mumkin.
Nashrning yozishicha, AQSH rasmiylari hamon Tehronni muzokaralar stoliga qaytarish va uranni boyitishdan butunlay voz kechishni o‘z ichiga olgan bitimni imzolashga majbur qilish mumkinligiga ishonmoqda.
Bungacha Eron va AQSH Tehronning yadroviy dasturi bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun Ummon vositachiligida besh raund to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘lmagan muzokaralar o‘tkazgan.
Shartnoma tuzish uchun bir necha bor urinishlarga qaramay, uranni boyitish bo‘yicha bahslar tufayli maslahatlashuvlar barbod bo‘lish xavfi ostida qoldi. 15 iyun kuni Maskatda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan muzokaralarning oltinchi raundi Isroilning Eronga hujumidan keyin bekor qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Eron Isroilni qo‘llab-quvvatlagan taqdirda AQSH, Fransiya va Britaniyaga zarba berish bilan tahdid qilgandi.