Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatida bir guruh qizlar to‘y liboslarida, qo‘llarida “Er qidiryapman” yozuvi bilan yurgani aks etgan video paydo bo‘ldi. Viloyat Oila va xotin-qizlar bosh boshqarmasi mazkur holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga qaror qildi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari, viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i G.Normurodova esa voqea joyiga borib, vaziyatni o‘rgangan.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea Jizzax shahrining “Xalqobod” mahallasida, “Eski shahar” dehqon bozori ro‘parasida sodir bo‘lgan. Bunday tadbir “Gulruh” go‘zallik saloni rahbari va bloger tomonidan salonni reklama qilish va videorolik suratga olish uchun tashkil etildi.

“Viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i sodir bo‘layotgan voqealarni to‘xtatib, qizlar va salon rahbariyati bilan tushuntirish suhbati o‘tkazdi, ularga jamiyatda o‘zini tutish me’yorlari va milliy qadriyatlarni hurmat qilish zarurligini eslatdi”, — deyiladi xabarda.

Boshqarma bunday holatlarga jamoatchilik e’tiborini qaratish muhimligini ta’kidladi.

“Bir qarashda beozor ko‘ringan xatti-harakatlar ham millat sha’ni va milliy qadriyatlarga zid bo‘lishi mumkin”, — deya xulosa qildi boshqarma.