O‘zbekistonda 6-iyundan boshlab «Kredit bitimini tuzish taqiqlangan jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni reyestrga kiritish yoki undan chiqarish to‘g‘risida»gi xizmat ishga tushirildi. Bu haqda «Kredit-axborot tahlil markazi» kredit byurosi ma’lum qildi.

Jismoniy shaxslar o‘zlariga nisbatan kredit bitimlarini tuzishni taqiqlash to‘g‘risida ariza berishlari mumkin. Buning uchun kredit byurosiga, keyinchalik esa davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari platformasi (YIDXP) orqali murojaat qilish zarur.

Ariza berish fuqaroni avtomatik ravishda kreditlarni rasmiylashtirish taqiqlangan shaxslar qayd etiladigan maxsus reyestrga kiritadi. Barcha banklar, mikromoliya va boshqa kredit tashkilotlari har qanday kredit bitimini tuzishdan oldin ushbu ro‘yxatda potensial mijozning mavjudligini tekshirishlari shart. Ushbu tartib buzilgan taqdirda, moliyaviy muassasalar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqiy oqibatlar uchun javobgar bo‘ladi.