Shavkat Mirziyoyev 18-iyun kuni “Toshkent-Sharqiy” aeroporti qurilishini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Toshkent-Sharqiy” aeroportini rekonstruksiya qilishdir. U yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan tez, xavfsiz va qulay qatnovlarni ta’minlash, shuningdek, poytaxtning asosiy xalqaro aeroportiga yuklamani yengillashtirishga mo‘ljallangan.
Avvalo, 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi yangilanib, eng og‘ir samolyotlarni ham qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi.
Hozirgi kunda yuqori martabali mehmonlar hamda biznes-aviatsiya uchun 2 ta terminal, perron va angarlar barpo etilmoqda.
Aeroport ICAO standartlari bo‘yicha III-A toifadagi zamonaviy radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi, bu esa noqulay ob-havo sharoitida ham ishonchli uchish-qo‘nish ishlarini ta’minlaydi.
Yopiq angarlarda samolyotlar soz va xavfsiz saqlanishi uchun zamonaviy sharoitlar ta’minlanadi.
Yangi aeroport qulay joylashuvi tufayli Toshkent va Yangi Toshkent shahri uchun muhim transport xabiga aylanadi, shuningdek, Toshkent viloyatining turizm sohasini rivojlantirish uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi. Eng muhimi, xalqaro tashriflar va ishbilarmonlik safarlarini amalga oshirish imkoniyatlari kengayadi, xorijiy investorlarni qabul qilish uchun sharoitlar yaxshilanadi.
Natijada iqtisodiy faollik oshadi, xizmat ko‘rsatish sohasi faollashadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligi sezilarli darajada oshadi.
Davlat rahbari loyihaning texnik xususiyatlari, terminallarning arxitekturaviy yechimi bilan tanishib, qurilish ishlarini jadallashtirish, servis darajasini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.