Afg‘oniston O‘zbekiston bilan charm poyabzal yetkazib berish bo‘yicha 9,5 million dollarlik shartnoma imzoladi. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi xabar berdi.
Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida O‘zbekiston charm-poyabzal sanoati eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Natijada Afg‘onistonning “AFGAN CYBER” kompaniyasi va O‘zbekistonning “KASHIF FERGHANI LTD” kompaniyasi o‘rtasida 9,5 mln dollarlik shartnoma imzolandi. Kelishuvga ko‘ra, Afg‘oniston bozoriga turli xil charm poyabzal modellari yetkazib beriladi.
Tashrif davomida Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi uchun maxsus poyabzal yetkazib beruvchi AYSAN afg‘on kompaniyasi rahbari Ahmad Aymal bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. U o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlariga qiziqish bildirdi va yaqin kelajakda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.