O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining xizmat safarlari yagona elektron tizim orqali kuzatib boriladi. Bu haqda prezident qarorida aytilgan.

2025 yil 1 oktyabrdan boshlab mansabdor shaxslarning xorijiy va ichki xizmat safarlari hisobi va tahlili «hrm.argos.uz» elektron tizimi tarkibidagi «Xizmat safari» yagona moduli orqali yuritiladi. Shu bilan birga, u yerda xizmat safarlari rejalari va natijalari, geografiyasi, xodimlar soni va xarajatlarini onlayn kuzatish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Rasmiylar xizmat safarlarining muayyan davlat organi faoliyati samaradorligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, oraliq va yakuniy ta’sirini monitoring qilishni rejalashtirmoqda. Davlat xizmatchilari, shuningdek, har bir xizmat safari yakunlari bo‘yicha hisobotlar topshiradilar, ular asosida hokimiyat uning samaradorligini baholaydi.