O‘zbekistonda avtobus va avtomobillarni nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlariga mos ravishda qayta jihozlash xarajatlarining 50 foizigacha qoplab beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Maksimal to‘lov 30 BHM (11,25 mln so‘m, 1 avgustdan – 12,36 mln so‘m) ni tashkil etadi. Unga 2024 yil 1 oktyabrga qadar shahar va shaharlararo yo‘nalishlarda tashuvlarni tashkil etish bo‘yicha tenderlarda g‘olib bo‘lgan avtobus saroylari operatorlari da’vogarlik qilishlari mumkin.
Bunda to‘lovlarni faqat quyidagi qurilmalarni o‘rnatgan avtobuslar olishi mumkin:
- bitta yig‘ma pandus;
- audiovizual axborot uchun bitta monitor;
- 3 tagacha axborot ustuni;
- bitta mikrofon;
- to‘xtashlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar yozilgan bitta taxta;
- yo‘lovchilar uchun aloqa tugmalari.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar, agar ularning 2024-yil 1-noyabrdan keyin sotib olingan va rasmiylashtirilgan avtomobili tegishli ravishda qayta jihozlansa, kompensatsiya olishlari mumkin. Xususan, mexanik uzatmalar qutisi avtomatik uzatmalar qutisiga almashtiriladi, shuningdek, gaz va tormozni qo‘lda boshqarish tizimi o‘rnatiladi.
Avtomobil yoki avtobus «Inson» ijtimoiy himoya markazlarida, «Ijtimoiy himoya yagona milliy tizimi» tizimi yoki YIDXP orqali talablarga muvofiqlashtirilgandan so‘ng 90 kun ichida ariza topshirish mumkin bo‘ladi.