Hafta boshida O‘zbekiston hududiga janubdan quruq va issiq havo oqimi yana kuchayadi. Bu haqda O‘zgidrometning bir haftalik bashoratida ma’lum qilingan.

23-25 iyunda havo harorati kunduzi 38-41 darajagacha, janubiy va cho‘l hududlarida ayrim joylarda 42-44 darajagacha ko‘tariladi. Ushbu kunlarda asosan kam bulutli va quruq ob-havo hukm suradi. Faqat Qoraqalpog‘iston va Navoiy viloyatining shimolida 24-25 iyunda ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir, momaqaldiroq bo‘lishi, 25 iyunda esa harorat 26-31 darajagacha pasayishi mumkin.

Payshanba kuni haroratning pasayishi butun mamlakat hududini qamrab oladi. Hududning katta qismida harorat
30-35 daraja atrofida bo‘ladi. Juma kuni harorat biroz ko‘tarilib, 33-36 daraja, ayrim joylarda 38 darajagacha yetadi.

Respublika bo‘ylab ayrim hududlarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, 25-26 iyunda ba’zi joylarda shamol tezligi chang-to‘zonli bo‘lib, 20-22 m/s gacha yetishi mumkin.

23 iyunda Farg‘ona viloyatining ayrim tog‘li hududlarida, 26 iyunda esa respublikaning tog‘li hududlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir, momaqaldiroq bo‘lishi ehtimoli bor.

Toshkentda asosan kam bulutli ob-havo kuzatilib, yog‘ingarchilik kutilmaydi. 23-25 iyunda kunduzi harorat 38-41 daraja issiq bo‘ladi, 26 iyunda 31-33 darajagacha pasayadi, 27 iyunda esa 34-36 daraja issiq bo‘ladi.