Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani hokimining sobiq o‘rinbosari qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Kun.uz sud qaroriga tayanib xabar bermoqda.

34 yoshli erkak tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan. U 2024-yilning noyabrida qo‘lga olingan. U qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni taqsimlash vakolatiga ega bo‘lmasa-da, fuqaroga hokimlik zaxira jamg‘armasidan 51,1 gektar yer maydonini auksion orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.

U ma’muriyat mas’ullariga hujjatlarni rasmiylashtirish uchun 25 ming dollar va yana 50 mln so‘m berishni talab qilgan. Joriy yilning aprel oyida sud sobiq hokim o‘rinbosarini pora berish va firibgarlikka urinishda vositachilik qilganlikda aybdor deb topdi. U sakkiz yil-u bir oyga umumiy tartibli koloniyaga hukm qilindi. Shuningdek, u ikki yil muddatga davlat korxonalari va tashkilotlarida moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi.

Xorazm viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati 16 iyundagi ajrimi bilan hukm o‘zgarishsiz qoldirilgan.